So'nggi yangiliklar

Suv tejovchi texnologiyalarni joriy etish orqali Orolbo‘yi hududlarida ekologik barqarorlik ta’minlanadi

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 5-fevraldagi “Suv resurslaridan foydalanish samaradorligini oshirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi PQ–47-son qarori suv resurslaridan foydalanish samaradorligini oshirish bo‘yicha amalga oshirilayotgan islohotlarga yangi turtki berdi. Mazkur qaror suv tejovchi texnologiyalarni joriy etishni faqat texnik chora sifatida emas, balki iqtisodiy, institutsional va raqamli mexanizmlar orqali qo‘llab-quvvatlashni nazarda tutadi.
Shunga ko‘ra, 2026–2028-yillarda respublika bo‘yicha suv tejovchi texnologiyalarini joriy etish ko‘lami keskin kengaytiriladi. Xususan, 2028-yilga qadar 3,5 million gektar yer maydonida zamonaviy tejamkor sug‘orish tizimlari o‘rnatilib, yillik suv tejash hajmini 5 milliard kub metrga yetkazish ko‘zda tutilgan. Mazkur chora-tadbirlar suv resurslaridan foydalanish samaradorligini oshirish bilan birga, suv ta’minoti og‘ir hududlarda barqarorlikni ta’minlashga xizmat qiladi.
Qaror doirasida moliyaviy qo‘llab-quvvatlash mexanizmlari ham kuchaytiriladi. Ushbu yo‘nalishda, 2026-yilning o‘zida tijorat banklari tomonidan 2,6 trillion so‘m miqdorida imtiyozli kreditlar ajratilishi, davlat tomonidan esa 800 milliard so‘m subsidiya yo‘naltirilishi belgilandi. Shu bilan birga, suv tejovchi texnologiyalarni o‘z mablag‘lari hisobidan joriy etishni rejalashtirgan tashabbuskor xo‘jaliklar uchun subsidiya ajratishning yangi tartibi joriy qilindi. Unga ko‘ra, subsidiyaning 50 foizi loyihani amalga oshirish boshlanishidan oldin, qolgan qismi esa ishlar to‘liq yakunlanganidan so‘ng to‘lab beriladi.
Qarorda suvdan foydalanish ustidan nazoratni kuchaytirishga alohida e’tibor qaratilgan. Suv hisobini to‘liq raqamlashtirish, “aqlli” hisoblagichlar va masofaviy monitoring vositalarini joriy etish orqali suv yo‘qotishlarini kamaytirish ko‘zda tutilmoqda. Qolaversa, suv tejovchi texnologiyalarni o‘rnatgan pudrat tashkilotlari uchun kafolat va servis xizmatlari bo‘yicha yangi talablar belgilanib, bu fermerlar manfaatlarini himoya qilishga qaratilgan.
Bundan tashqari, soha kadrlari salohiyatini oshirish maqsadida mutaxassislarni tayyorlash va qayta tayyorlash ishlari kuchaytiriladi. Suv resurslarini boshqarish bo‘yicha ilg‘or xorijiy tajribalarni, jumladan suv tanqis hududlarda samarali boshqaruv tizimlarini qo‘llayotgan mamlakatlar amaliyotini o‘rganish ham nazarda tutilgan. Bu esa amalga oshirilayotgan islohotlarning sifat jihatidan yangi bosqichga chiqishiga xizmat qiladi.
Mazkur qarorda belgilangan chora-tadbirlar Orolni qutqarish xalqaro jamg‘armasi (keyingi o‘rinlarda – OQXJ) Agentligi hamda OQXJ Nukus filiali tomonidan Orolbo‘yi hududlarida amalga oshirilayotgan ekologik loyihalar bilan uzviy bog‘liq. Bu yondashuv suv tejovchi texnologiyalar hisobidan tejalgan suv resurslarini Orolbo‘yi hududida suv ta’minoti barqarorligini mustahkamlash, tabiiy ko‘llar tizimi va ekologik holatni yaxshilashga xizmat qilmoqda.
Iqlim o‘zgarishi va suv resurslari tanqisligi sharoitida suvdan foydalanish samaradorligini oshirish ustuvor vazifa hisoblanadi. Suv tejovchi texnologiyalarni joriy etish qishloq xo‘jaligi ishlab chiqarish barqarorligini ta’minlash bilan birga, Orolbo‘yi hududlarida ekotizimlar uchun zarur bo‘lgan ekologik suv oqimlarini shakllantirishda ijobiy ta’sir ko‘rsatmoqda.
Orolni qutqarish xalqaro jamg‘armasi Agentligi hamda OQXJ Nukus filiali tomonidan Amudaryo deltasi va Orolbo‘yi hududlarida suv resurslarini boshqarish samaradorligini oshirishga qaratilgan loyihalar amalga oshirilmoqda. Ushbu loyihalar suv rejimini barqarorlashtirish orqali Orol havzasidagi ko‘llar tizimining ekologik holatini yaxshilashga xizmat qilmoqda.
Xususan, Maqpalko‘l, Domo‘loq, Darkesh va boshqa hududlarda suv oqimlarini tartibga solishga qaratilgan muhim infratuzilmaviy ishlar amalga oshirilmoqda. Ushbu ishlar damba va suv chiqarish inshootlarini rekonstruksiya qilish, beton kanallar qurish, kollektor suvlarini qayta yo‘naltirish hamda yashil qoplamalarni joriy etishni o‘z ichiga oladi. Natijada suvning yo‘qotilish darajasi kamayib, suv resurslaridan foydalanish samaradorligi bosqichma-bosqich oshirilmoqda.
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2025-yil 8-apreldagi 215-F-sonli farmoyishiga muvofiq, 2025–2027-yillarda Maqpalko‘l ko‘lida himoyalovchi damba va suv chiqarish inshootini qurish loyihasini amalga oshirish belgilangan. Mazkur loyiha Amudaryo deltasi va Orolbo‘yi hududlarida suv rejimini barqarorlashtirishga qaratilgan muhim kompleks chora-tadbirlar sirasiga kiradi.
Orolbo‘yi hududlarida ekologik tiklanishni ta’minlash maqsadida keng ko‘lamli o‘rmon-meliorativ tadbirlar ham izchil amalga oshirilmoqda. Amalga oshirilgan ishlar natijasida, Axantoy hududida mahalliy daraxt va buta o‘simliklaridan iborat himoyalovchi o‘rmonzorlar barpo etildi. Ushbu loyihaning umumiy qiymati 3,2 mlrd so‘mni tashkil etib, loyiha doirasida Mo‘ynoq shahridan 20 km shimoli-sharqda joylashgan hududda 8,7 ming gektar maydonda o‘rmon-meliorativ tadbirlar to‘liq amalga oshirildi hamda obyekt 2024-yilda foydalanishga topshirildi.
Shuningdek, Aqqum hududida himoyalovchi o‘rmonzorlarni barpo etish bo‘yicha I-bosqich ishlari yakunlandi. Loyihaning umumiy smeta qiymati 3,4 mlrd so‘mni tashkil etib, mazkur bosqich doirasida 2 ming gektar maydonda o‘rmon-meliorativ ishlar bajarildi hamda loyiha 2025-yilda foydalanishga topshirildi.
Xulosa qilib aytganda, Orolbo‘yi hududlarida suv resurslaridan foydalanish samaradorligini oshirish orqali suvni iqtisod qilish va ekologik holatni yaxshilash bo‘yicha tizimli ishlar amalga oshirilmoqda.
 
Birodarjon Burxonjonov,
Orolni qutqarish xalqaro jamg‘armasi Agentligi rahbari

Veb-saytimiz faoliyatini baholang




Ma'lumotlar jadvali


«    Май 2026    »
ПнВтСрЧтПтСбВс
 123
45678910
11121314151617
18192021222324
25262728293031

Yil dasturi




Ma'lumotlar arxivi


Март 2026 (1)
Февраль 2026 (2)
Январь 2026 (2)
Декабрь 2025 (4)
Октябрь 2025 (1)
Октябрь 2021 (1)